VIDEONI KO`RISHDAN OLDIN BUGUNGI DARS TARJIMA MATNINI O`QIB CHIQING!
2.2 Orqadan borib urilish bilan bog‘liq avariyalar holati
Tijorat (biznes) yuk mashinalari ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalarining deyarli yarmini "orqadan borib urilish"(distansiya saqlamaslik) tashkil etadi. Bunday avariyalarning aksariyati haydovchining "hayol surib, e’tiborsiz boshqarishi" (manzen unten) yoki "chalg‘ib, boshqa tomonga qarab haydashi" sababli yuzaga keladi. Shu bilan birga, ular orasida rulda uxlab qolish yoki haddan tashqari charchoq tufayli sodir bo‘ladigan holatlar ham kam emas.
Avariya turlari yo‘lga qarab farq qiladi:
- Oddiy shahar yo‘llarida: Tirbandlik (probka) tufayli to‘xtab turgan yoki sekin harakatlanayotgan mashinaga orqadan past tezlikda borib urilish holatlari ko‘p uchraydi.
- Tez yurish magistrallarida (Highways): Tirbandlikning eng oxirida to‘xtab turgan mashinaga katta tezlikda kelib urilish holatlari yaqqol ko‘zga tashlanadi (bu esa juda og‘ir oqibatlarga olib keladi).
2.3 Chorrahalardagi avariyalar holati
Tijorat yuk mashinalari ishtirokidagi o‘lim bilan tugagan avariyalarning qariyb 30 foizi chorrahalarda piyodalar yoki velosipedchilar bilan to‘qnashuv oqibatida sodir bo‘ladi. Bunda o‘ziga xos qonuniyat bor:
- Chapga burilayotganda: Ko‘pincha velosipedchilar bilan to‘qnashuv yuz beradi (chunki Yaponiyada chap tomonlama harakat bo‘lgani uchun, chap tomondagi ko‘r zonada velosipedchi qolib ketishi mumkin).
- O‘ngga burilayotganda: Asosan yo‘lni kesib o‘tayotgan piyodalar bilan to‘qnashuv sodir bo‘ladi.

2.4 Sog‘lik bilan bog‘liq avariyalarning oldini olish
"Sog‘lik bilan bog‘liq avariya" deganda, haydovchining to‘satdan kasal bo‘lib qolishi (xuruj tutishi) natijasida rulni boshqara olmay qolishi tushuniladi. Uzoq vaqt davomida rulda o‘tiradigan yuk mashinasi haydovchisi uchun sog‘lom bo‘lish – eng muhim shartlardan biridir. Agar tobingiz qochsa, diqqatingiz pasayadi va bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri avariyaga sabab bo‘ladi.
Bundan tashqari, yuqori qon bosimi, qandli diabet yoki semizlik kabi "turmush tarzi kasalliklari"ga beparvo bo‘lish juda xavflidir. Agar bular davolanmasa, rulda ketayotganda to‘satdan insult (miygaga qon quyilishi) yoki yurak xuruji(infarkt) sodir bo‘lishi va bu dahshatli fojiaga olib kelishi mumkin. Shu sababli, quyidagi qoidalarga qat’iy amal qiling:
- Doimiy tibbiy ko‘rikdan o‘tib turing.
- Har kuni yetarlicha uxlang.
- Me’yorida badantarbiya qiling.
- Spirtli ichimliklarni haddan tashqari ichishdan saqlaning va o‘z sog‘lig‘ingizni doimo nazorat qilib, baxtsiz hodisalarning oldini oling.

2.5 Xavfsizlikni boshqarish uskunalaridan (Raqamli taxograf va Videoregistrator) foydalanish
Yo‘l-transport hodisalarini yo‘q qilish maqsadida zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanilmoqda.
- Raqamli taxograf (Digi-tacho): Bu uskuna avtomobilning tezligi, harakatlanish vaqti va masofasini yozib boradi. Ba’zi zamonaviy modellari keskin tormoz berish, keskin qo‘zg‘alish va yoqilg‘i sarfini ham qayd qiladi. Ushbu ma’lumotlarni tahlil qilish orqali haydovchiga xavfsiz va tejamkor (ekologik) haydash bo‘yicha ko‘rsatmalar berish osonlashadi.
Drayv-rekorder (Videoregistrator / Dora-reco): Bu – yo‘l harakatini videoga olib boruvchi qurilma. U mashinaga zarba teganda (masalan, qattiq tormoz bosilganda yoki to‘qnashuv bo‘lganda) o‘sha vaziyatning oldingi va keyingi lahzalarini avtomatik saqlab qoladi. Ba’zi modellari videoni uzluksiz yozib borish imkoniyatiga ham ega.

3. Yuk mashinasi haydovchisining ma’naviy tayyorgarligi (Odob-axloqi)
3.1 Kompaniya ichidagi salomlashish
Insonlar o‘rtasidagi munosabat salomlashishdan boshlanadi. Ishxonada hamkasblar bilan yaxshi munosabat o‘rnatish uchun quyidagilarga amal qiling:
- Yuzda tabassum bilan salomlashish.
- Ochiq va jarangdor ovozda salom berish.
- Salomlashganda suhbatdoshning ko‘ziga qarab gapirish.
- Salomni birinchi bo‘lib o‘zingiz berish.

3.2 Kompaniya tashqarisidagi salomlashish
Mijozlar yuk mashinasi haydovchisidan nafaqat yukni ehtiyotkorlik bilan tashish va vaqtiga rioya qilishni, balki yaxshi kiyinish, muomala madaniyati va odob-axloqni ham kutishadi. Yuk mashinasi haydovchisi – bu kompaniyaning yuzi.Agar siz yaxshi salomlashmasangiz yoki qo‘pol bo‘lsangiz, bu butun kompaniyaning obro‘siga putur yetkazadi (Mijoz: "Bu kompaniyaning xodimlari tarbiyasiz ekan," deb o‘ylaydi). Shuni chuqur anglagan holda, mijozlar bilan doimo tabassum bilan va hushmuomalalik bilan ko‘rishishga odatlaning.

3.3 Tashqi ko‘rinish (Midashinami)
"Midashinami" – bu atrofdagilarga noqulaylik tug‘dirmaydigan, ozoda kiyim va xulq-atvordir. Insonning tashqi ko‘rinishi uning fe’l-atvori va ishga bo‘lgan munosabatini ko‘rsatib turadi. Agar tashqi ko‘rinishingiz kir yoki tartibsiz bo‘lsa, mijozda siz haqingizda salbiy taassurot uyg‘onadi va u sizga ishonmay qo‘yadi ("Bu odam o‘ziga qaramabdi, yukimni eplay olarmikan?" degan xavotir paydo bo‘ladi). Bu nafaqat sizga, balki kompaniyaga ham katta zarar keltiradi. Shuning uchun doimo toza va tartibli yurishga harakat qiling.
Shuningdek, ish boshida tartibli bo‘lgan kiyim, rulda yurganingizda g‘ijimlanishi yoki kir bo‘lishi mumkin. Dam olish vaqtlarida (pauza) oynaga qarab ust-boshni to‘g‘rilab turish kerak. Asosiy tekshiruv nuqtalari (quyidagi rasmga qarang):
Tashqi ko‘rinishni tekshirish ro‘yxati:
- Sochlar juda o‘sib ketmaganmi yoki kir emasmi?
- Shapka kiyganda, u qiyshayib qolmaganmi yoki juda tepaga qarab qolmaganmi?
- Sochiqni (tenugui) boshga o‘rab olmaganmisiz yoki bo‘yinga osib olmaganmisiz? (Yaponiyada bu noprofessional ko‘rinadi).
- Soqol olinmagan yoki o‘sib ketmaganmi?
- Kiyimlar kir bo‘lmaganmi yoki tartibsiz (g‘ijim) emasmi?
- Agar beydjik (ism yozilgan karta) taqiladigan bo‘lsa, u to‘g‘ri turibdimi?
- Yoqa va yeng uchlari kir emasmi?
- Qo‘llar va tirnoqlar tozami? Tirnoqlar o‘sib ketmaganmi?
- Oyoq kiyimning orqasi (tovoni) bosib olinmaganmi?
- Oyoq kiyim juda kir bo‘lib ketmaganmi?
